Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev 28-sentabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida yozuvchi Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon)ning qo‘lga olinishi yuzasidan izoh berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

So‘nggi ikki yildan beri Turkiyada istiqomat qilib kelgan Nurullo Otaxonov 27-sentabr kuni O‘zbekistonga qaytgan edi. Doniyor Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, Otaxonov O‘zbekistonga kelishi bilan qo‘lga olingan, chunki u rasman qidiruvda edi.

Nurullo Otaxonov 11-may kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha bir qator tergov harakatlari olib borilgan va unga nisbatan sirtdan 159-moddaning 1-qismi, 244-1-moddaning 3-qismi, “g” bandi bilan ayblov e’lon qilingan, ehtiyot tarzida qamoqqa olish chorasi tanlangan va u qidiruvga berilgan.

Hozirgi vaqtda jinoyat ishi bo‘yicha uning, deylik, amnistiya qo‘llashni so‘rab, kechirim so‘rab bergan murojaati yoki u respublikaga kelayotgani, ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi iltimosi haqida birorta hujjat yo‘q. U rasman huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmagan. Bizda bunday ma’lumot yo‘q.

Hozircha tergov olib borilmoqda. Biz barcha zarur tergov tadbirlarini o‘tkazamiz, agar zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha ekspertiza belgilaymiz. Agar uning aybi tasdiqlanmasa yoki uning harakatlari amnistiya aktiga tushadigan bo‘lsa, biz, tabiiyki, qonunga muvofiq qaror qabul qilamiz.

Doniyor Toshxo‘jayev, Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari