19-sentabr kuni Meksikada shiddatli zilzila ro‘y bergani ilgari ma’lum qilingan edi. Tabiiy ofat oqibatida poytaxt Mexikodagi bir boshlang‘ich maktab binosi vayron bo‘ldi. Kutilmaganda boshlangan silkinish tufayli o‘qituvchilar bolalarni tashqariga chiqarishga ulgurmadi. Bir sutkadan ko‘proq vaqt mobaynida butun mamlakat vayronalar ostidan Frida Sofiya ismli 12 yoshli qizchaning chiqarib olinishi kuzatdi. Ammo oxirida bunday qiz mavjud emasligi aniqlandi, deb xabar beradi Meduza.
Zilzilaning ertasiga mahalliy matbuot Frida Sofiyaning tarixini yorita boshladi. Qizcha go‘yoki vayronalar ostida tirik qolgan edi. 20-sentabr ertalabki soat 9:00 da qizcha qutqaruvchilarga qandaydir ishora bergani, teplovizor esa vayronalar ostida tirik jon borligini ko‘rsatgani ma’lum qilindi.
12 yoshli Frida vayronalarni yig‘ishtirish bilan shug‘ullanayotgan qutqaruvchilar va ko‘ngillilar uchun chinakam umid ramziga aylandi. Negaki bu yerda 21 nafar bola va to‘rt yoshi katta odam halok bo‘lib ulgurgan edi. Frida voqeasi tezda yangi tafsilotlar bilan boyib, matbuot orqali yoritilishda davom etdi. Jumladan, El Universal gazetasi Frida ingliz tili sinfida parta ostiga bekinib olishga ulgurgani uchun tirik qolgani haqida yozib chiqdi. Shuningdek, qutqaruvchilar uzoq vaqt Fridaga yeta olmagani xabar qilindi: go‘yoki ular qiz aynan qayerda ekanligini aniqlay olmagan, so‘ng tor tirqishdan kira olmagan.
Nashrga ko‘ra, qidiruv operatsiyasi chog‘ida qutqaruvchilar hatto qizcha bilan gaplashgan. Suhbat quyidagi ko‘rinishda o‘tgan:
“Azizam, senga yaqinlashyapmiz, tinchlik saqla, umidni so‘ndirma, hammasi yaxshi. Yoningda yana kimdir bormi?”
“Ichgim kelyapti, lekin hammasi joyida. Kechikmang”.
Qiz go‘yoki o‘z ismini aytgan va qimirlay olmasligini tushuntirgan.
Ammo tez orada haqiqat ma’lum bo‘ldi. Qutqaruvchilar qizning tanishlari va ota-onasini chaqirishga uringanida, hech kim javob qaytarmadi. Maorif vaziri Aurelio Nunyo keyinroq bu faktni tan oldi va dastlab qizning ism-familiyasi noto‘g‘ri keltirilganini taxmin qildi. Ammo maktabda birortayam Frida ismli qiz yo‘qligini, barcha Sofiyalar esa shifoxonada ekanligi aniqlandi.
32 soatlik qutqaruv operatsiyasidan so‘ng Frida chiqarib olingani ma’lum qilindi, ammo u hech qayerda ko‘rsatilmadi. 21-sentabr kuni kechki soatlarda harbiy-dengiz floti boshlig‘i o‘rinbosari Enrike Sarmyento Beltran Frida ismli qiz yo‘qligini tan oldi va kechirim so‘radi. Idoraning rasmiy vakili Xose Luis Vergara esa 12 yoshli qizcha haqidagi xabar qasddan tarqatilmaganini bildirib o‘tdi.
Amaldorlarning bu e’tiroflari ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini g‘azabga keltirdi. Bu holat hozirgacha qizg‘in bahslarga va keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Izoh (0)