O‘n yil davomida bozor va investorlarning ko‘pchilik ishtirokchilari e’tiborini o‘ziga jalb etuvchi Uorren Baffet garovi o‘z yechimini topishiga kam qoldi. Bu garov ko‘plab savollarni yuzaga keltiradi va ularning javoblari ko‘pchilik uchun qiziqarli, deb yozadi Forbes.
Bu garov Uorren Baffetga nima uchun kerak bo‘ldi? Nima sababdan u o‘zining g‘alabasiga bu qadar ishonchi komil edi? Nega xedj-fondlar sanoati mutaxassislari tomonidan tanlangan beshta faol boshqariluvchi xedj-fonddan iborat portfel to‘qqiz yil ichida Uorren Baffet tomonidan tanlangan bitta indeks fondiga qaraganda to‘rt marta kam daromadlilik ko‘rsatdi?
Millionlik mashhur garov tarixi
2007-yilning boshida Uorren Baffet hech bir professional o‘n yil ichida u tanlagan S&P 500 indeksli fondni barcha komissiya va yig‘imlarni hisobga olganda daromadlilik bo‘yicha ortda qoldiradigan hech bo‘lmaganda beshta xedj-fondlar fondidan iborat portfel tuza olmasligi borasida 500 000 dollarga garov o‘ynashga tayyor ekanligi haqida ommaviy e’lon qildi. U o‘z fondini ushbu garovga qo‘shish taklifi bilan chiqishga tayyor xedj-fondlar fondlari boshqaruvchilaridan iborat uzun navbat hosil bo‘lishini kutgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan istovchilar topilmadi. Boshqaruvchilar o‘z fondlar fondiga yuqori daromadni va’da qilib minglab investor va milliardlab dollarni jalb etar, biroq barchaga o‘z ustamonligini isbotlash uchun pullarini bu garovga tikishga shoshilmasdi.
Chaqiriqni faqat aktivlar boshqaruvchisi Ted Seyds timsolida Protégé Partners investitsion kompaniyasi qabul qildi. Protégé Partners vakillari garovda qatnashishi uchun beshta fondlar fondini tanladi, ularning portfelida jami 100 ga yaqin xedj-fond taqdim etilgan. Biroq Protégé Partners ushbu fondlar nomlarini ommaga oshkor etmaslik shartini qo‘ydi. Garov uchun 2008-yilning 1-yanvaridan 2017-yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan 10 yillik muddat belgilandi. 2016-yil yakunlariga ko‘ra, garovning oraliq natijalarini Uorren Baffet Berkshire Hathaway kompaniyasi aksiyadorlariga yozgan maktubida keltiradi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, beshta fond fondlari portfeliga o‘z mablag‘larini kiritgan investorlar to‘qqiz yil ichida deylik 2008-yilning yanvarida AQShning o‘n yillik davlat obligatsiyalarini saqlab turganga qaraganda ikki marta kamroq daromad qilgan. Biroq fondlar fondi va xedj-fondlar boshqaruvchilari yaxshi daromad qilgan, broker va birja esa ushbu davr ichida o‘z komissiyasini ishlagan.
Uorren Baffet bu garov bilan xedj-fondlar sanoatida komission to‘lovlar juda yuqori ekanligi, xedj-fondlar fondlari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xedj-fondlarga investitsiya kiritish imkoniga ega bo‘lmagan oddiy investorlar manfaati uchun emas, ko‘proq boshqaruvchi jamoa manfaati uchun ishlashini ko‘rsatmoqchi edi. Gap shundaki, AQShda faqat akkreditsiyadan o‘tgan va bir yo‘la 1 million dollardan ortiq investitsiya kirita oladigan yoki 200 ming dollar yillik daromadga ega investorlar xedj-fondlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi mumkin. Shartlar oddiy, biroq aksariyat amerikaliklar uchun imkonsiz. Ana shunday malakasiz investorlar uchun har birining portfelida ko‘plab xedj-fondlar bo‘lgan fondlar fondi o‘ylab topilgan. Faqat har bir bosqichda o‘z komissiyalari bor va ular kichkina emas.
Yuqori komissiyalar eng daromadli savdo strategiyasini ham o‘ldirishi mumkin
Oxirgi o‘n yillikda xedj-fondlar sanoatida boshqaruv komissiyasi miqdoriga nisbatan ma’lum bir me’yor shakllangan: bu boshqaruv ostidagi mablag‘lar hajmidan yillik 2 foiz va daromad bo‘lganda uning 20 foizi. Biroq investor fondlar fondi bilan ishlaganda u boshqaruv uchun ikki marta komissiya to‘laydi. Bu dastlab xedj-fondlar bosqichida, ikkinchi marta esa fondlar fondi bosqichida yuz beradi. Shuning uchun Uorren Baffet yuqori ikki bosqichli komissiyalar, yig‘imlar va boshqa xarajatlar daromadning katta qismini yeb yuborishiga ishonchi komil edi.
Investitsiya uchun sinchkovlik bilan aktiv tanlash
Uorren Baffet o‘n yil muddatli garovi uchun Vanguard 500 Index Fund’ni tanladi. Bu indeks fondi portfeli S&P 500 indeksini aniq kuzatib boradi. U esa AQShning eng yirik 500 kompaniyasi aksiyalarini o‘z ichiga oladi. S&P 500 indeks fondi Standard & Poor’s agentligi tekin bosqaruvchi 500 kompaniyadan iborat portfeldir. Vanguard 500 Index Fund boshqaruv to‘lovi juda past va hozirgi paytda yillik 0,04 foizni tashkil etadi.
Nega Uorren Baffetning S&P 500 indeksli fond o‘n yil ichida jiddiy o‘sishiga ishonchi komil edi? Bunga bir nechta javoblar bor. Iqtisodiyot o‘sayapti. Pullar chop etilayapti. Yirik kompaniyalar yanada yiriklashmoqda. Yangi texnologiyalar eskilari o‘rnini egallamoqda.
Millionlarni boshqarish milliardlarni boshqarishga qaraganda osonroq
Bu jumlani Uorren Baffet 1966-yilning yanvarida o‘z sheriklariga yozgan edi. U maktubda ularni hajmning oshishi bilan daromadlilik pasayishi ehtimoli yuqori ekanligidan ogohlantirgan. O‘shanda uning qo‘l ostida 44 million dollar bo‘lgan, yoshi esa allaqachon 45 da edi. Ushbu iboraning haqiqat ekanligini Baffet 2016-yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlariga maktubida tasdiqladi. Bu vaqtga kelib Berkshire Hathaway kapitalizatsiyasi 400 milliard dollardan oshgan edi. G‘aroyib, biroq Uorren Baffet boyligining 99 foizini 50 yoshga to‘lgandan so‘ng ishlab topganligi fakt.
Bir necha o‘n million dollarlik kapitalni boshqara turib boshqaruvchi bozorning turli vositalaridan topish mumkin bo‘lgan qonuniyat va samarasizliklardan faol foydalanishi mumkin.
O‘zgaruvchanlik va xavf — aynan bir narsa emas
Uorren Baffet 2014-yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlariga maktubda shunday yozadi: “O‘zgaruvchanlik xavf so‘zining sinonimi emas. Bu ikki tushunchani birxillashtiruvchi mashhur formulalar talabalar, investorlar va rahbarlarni chalg‘itadi”. Buni tushunish Uorren Baffetga xedj-fondlar oldida katta ustunlik beradi. U bundan Berkshire Hathaway doirasidagi ishlarida ham, garov uchun aktiv tanlashda ham foydalanadi. Uorren Baffet S&P 500 indeksini qaysi kuchlar yuqoriga ko‘tarishini yaxshi tushunadi, asosiysi buni kutishga tayyor. Qolaversa, Berkshire Hathaway pullarni olib kelish va olib ketish mumkin bo‘lgan fond emas. Bu Uorren Baffetga o‘zgaruvchanlik bilan chalg‘imaslik va xotirjamlik bilan o‘z ishini qilish imkonini beradi.
Xedj-fondlarda esa vaziyat butunlay boshqacha. Investorlar xedj-fondlar ishini daromad/zarar jadvaliga qarab va boshqaruvchilari nufuziga qarab qabul qiladi. Ular aslida nima yuz berayotganligini tushunmaydi. Shuning uchun istalgan jiddiy yo‘qotishda mijozlar mablag‘larini qaytarib olish uchun yuguradi.
Xulosa o‘rnida
Uorren Baffet o‘z natijalari, o‘z chiqishlari va hatto shu garov bilan muntazam ravishda bozor professionallarini investor manfaatlari birinchi o‘rinda turishi lozimligiga ishontiradi. Investorlar yaxshi daromad olgan taqdirdagina fond bozori barqaror rivojlanadi. Bu garovga faol boshqariluvchi fondlarga o‘z komissiyalarini maqbul darajagacha kamaytirish, o‘z investorlari uchun to‘g‘ri va shaffof bo‘lish, asosiysi va’da qilingan daromadlilikni real natijalar bilan tasdiqlashga da’vat sifatida qarash mumkin.
Garov shartlariga ko‘ra, har bir tomon yutuq beriladigan xayriya tashkilotini tanlagan. 2018-yilning boshida Uorren Baffet tanlagan Girls Incorporated of Omaha 1 million dollarlik chekni olishiga shubha yo‘q.
Izoh (0)