Ukrainalik va gruziyalik siyosatchi, Odessa viloyatining sobiq gubernatori Mixail Saakashvili mamlakatda islohotlar o‘tkazish dasturi doirasida prezident Pyotr Poroshenkoning impichmentiga ham erishmoqchi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qildi.
Saakashvili 19-sentabr kuni prezident ma’muriyati binosi oldida uyushtirgan brifingida tayyorlanayotgan norozilik aksiyalari chog‘ida ilgari suriladigan asosiy talablardan biri aynan Poroshenkoni lavozimdan chetlashtirish tashabbusi bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, buning uchun prezident impichmenti bo‘yicha yangi qonun qabul qilish lozim. Shuningdek, Saakashvili aksilkorrupsion sudlar tashkil etish hamda deputat daxlsizligini bekor qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
“Ular juda zaif. Menga ‘bizda diktatura hukmron’ deyishsa, kulgim keladi: qanaqa diktatura? Ular olibsotarlar, ular biz bilan o‘ynamoqda, bizning passivligimizdan foydalanmoqda, ammo buning oxiri keldi. Maqsadimiz bitta — men bilan bo‘lgan narsalar instinktlarimni yanada o‘tkirlashtirib yubordi, ularga, hammasiga o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish kerak”, — dedi muxolif siyosatchi.
“Aks holda ular bizni chetga siqib qo‘yadi, — so‘zida davom etdi Saakashvili. — Ularga o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish kerak, mamlakat qonun ustuvor bo‘lishini ta’minlash, prezident impichmenti, deputatlarni chaqirib olish, daxlsizlikni bekor qilish to‘g‘risida qonunlar bo‘lishi lozim, biz ularning nishonida emas, ular bizning nishonimizda va xalq nazorati ostida bo‘lishi lozim. Bu mening maqsadim. Ukrainada faqat bitta maqsadim bor. Bu yerda hech qanday lavozimlar xohlamayman. Faqat bitta maqsad — barchaga o‘rnin ko‘rsatish va xalqni ko‘tarish”.
Izoh (0)