O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan Qo‘qon shahri va Andijon viloyatida amaliy seminarlar o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘risida”gi PQ-2966-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 12-sentabrdagi 03/1-1025-sonli topshirig‘ini ijrosini ta’minlash maqsadida o‘rmondan qo‘shimcha foydalanishni tubdan rivojlantirish bo‘yicha 16–17-sentabr kunlari Qo‘qon va Andijon davlat o‘rmon xo‘jaliklarida amaliy seminarlar tashkil etildi”, — deyiladi xabarnomada.
Seminarlarda respublikaning barcha o‘rmon xo‘jaligi boshqarma boshliqlari va boshqa sohaga ma’sul mutassadilar ishtirok etdi. Seminarlar davomida Qo‘qon va Andijon davlat o‘rmon xo‘jaliklari misolida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, ko‘chatxonalar va plantatsiyalar tashkil etish, o‘rmon muhofazasi tadbirlarini amalga oshirish hamda o‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish amaliy ishlari ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, ipakchilik sanoati uchun xomashyo yetkazib berish maqsadida tut ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasi va o‘rmon fondi yerlarida tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda o‘rmonzorlar barpo qilish, pista ko‘chatlarini konteynerlarda yopiq ildiz usulida yetishtirish mavzulari alohida ta’kidlab o‘tildi. Kelajakda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlarining ko‘nikmalari shakllantirildi.
Seminarda qo‘mita raisi N. Bakirov hamda Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Izoh (0)