15-sentabr tongida Toshkentdan uchgan samolyot Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahriga yetib keldi. Uning bortida yopiq inshootlarda o‘tadigan Osiyo O‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilar bor edi.
“Olamsport” nashrining ma’lumot berishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi 250 nafar kishidan ko‘proqni tashkil qilgan. Mamlakat sportchilari 16-sentabrdan boshlab musobaqalarga kirishadi. 17-sentabr kuni esa turnirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Avvalroq ochilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham ishtirok etishi aytilgandi.
Tashkilotchilar turnir saviyasini oshirish uchun OKEANIA mintaqasining ham bir qator davtlarini unga taklif qildi. Shu tariqa Turkmanistonga jami 62 mamlakat delegatsiyalari yetib keldi.
Beshinchi bor o‘tkazilayotgan yopiq inshootlardagi Osiyo O‘yinlarida sportchilar 21 ta sport turida musobaqaga kirishadi. 4 yil avval O‘zbekiston termasi umumjamoa hisobida 10-o‘rinni qo‘lga kiritgandi. O‘shanda delegatsiya 3 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronzaga ega chiqqan.
Ashxobodda o‘zbekistonliklar 4 yil avvalgi natijani yaxshilashga urinib ko‘radi. Ayrim sport turlarida mamlakat termasining ikkinchi tarkibi ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ular ham g‘oliblik uchun da’vogar hisoblanadi. Bungacha O‘zbekiston sport delegatsiyasi Ozarbayjon poytaxti Bokuda o‘tgan Islom Birdamligi O‘yinlarida ishtirok etib, 50 ga yaqin mamlakat sportchilari orasida Turkiya, Ozarbayjon va Erondan keyin to‘rtinchi bo‘lgandi.
Izoh (0)