O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasining sotib olinish jaryoni osonlashtiriladi. Bu haqda Prezidentning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga keltirilgan sharhda aytildi. Sharh matni “O‘zbekiston 24”da keltirildi.
Sharhda aytilishcha, aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish tijorat banklarining barcha filial va mini-banklari tomonidan cheklanmagan miqdorda va sarsongarchiliksiz amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, banklar tomonidan aholi bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini soddalashtirish;
bayram va dam olish kunlarida valyuta ayirboshlash shoxobchalarining uzaytirilgan ish tartibini joriy qilish;
tijorat banklarining filiallari va mini-banklarida, ayniqsa, yirik savdo markazlari va bozorlarda qo‘shimcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarini ochish;
konversion bo‘limlar orqali chet el valyutasini sotishda olinadigan vositachilik haqi miqdorini imkon darajasida pasaytirish choralarini ko‘rish;
xalqaro to‘lov kartalaridan xorijda foydalanishda mavjud barcha cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan.
Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida chet el valyutasini erkin sotib olishi, sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib, ulardan xorijda hech qanday cheklovlarsiz, shu jumladan, bank hisobvaraqlari orqali xorijda o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlardagi to‘lovlar uchun foydalanishi mumkin.
Bozor tamoyillari asosida valyuta resurslari oqimining samaradorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, shuningdek, tashqi savdoda valyuta siyosatining rag‘batlantiruvchi rolini oshirish maqsadida milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi faqatgina valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Izoh (0)