AQShning Texas shtatidagi Xyuston shahri yaqinida joylashgan Arkema kompaniyasi kimyoviy zavodida portlashlar ro‘y berib, yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Xarris okrugi sherifi boshqarmasi zavod xodimlaridan biri is gazidan zaharlanib shifoxonaga yotqizilganini bildirdi. Keyinroq yana to‘qqiz kishi o‘xshash simptomlar bilan shifokorlarga murojaat qildi.
Ilgariroq Arkema kompaniya “Xarvi” to‘foni keltirib chiqargan toshqin oqibatida zavodda elektr ta’minoti uzilganini, zaxira generatorlari to‘xtaganini, uning oqibatida sovutish tizimi ishdan chiqqanini ma’lum qilgan edi.
Arkema matbuot kotibi Janet Smitga ko‘ra, korxonada kimyoviy moddalar saqlanadi va ular sovutilmasa, o‘t olishi mumkin.
“Yong‘in kelib chiqishi aniq. Bu qachon bo‘lishi noma’lum, xolos”, — dedi u AP’ga bergan intervyusida.
Zavod atrofi qurshab olingan. 2,5 kilometr radiusda yashovchi odamlar evakuatsiya qilingan.
Izoh (0)