O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi ma’lumotiga qaraganda, Rossiyaning Samara viloyatida yuz bergan yo‘l-harakati hodisasi qurbonlari orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqidagi ba’zi OAVlar tomonidan tarqatilgan xabarlar tasdiqlanmadi. Mazkur hodisa natijasida 3 kishi halok bo‘lgan va 4 kishi jarohatlangan, deb xabar beradi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Lada Largus avtomobilining “KamAZ” bilan to‘qnashuvi Voljskiy tumanining Chernovskoye suv ombori yaqinida 2017-yil 27-avgust kuni soat 03:00 atrofida bo‘lib o‘tgan.
Hodisa Samara – Buguruslan yo‘lida sodir bo‘lgan. 32 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Lada Largus avtomobili oldinda to‘xtab qolgan “KamAZ”ga borib urilgan. Voqea oqibatida haydovchi, 29 va 19 yoshli ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan. Avtomobil ichidagi boshqa yo‘lovchilar jarohat olgan. Hozirgi paytda politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Hozirgi vaqtda elchixonaning konsullik bo‘limi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining jarohatlanganlar orasida bo‘lganligi haqidagi ma’lumot qo‘shimcha tekshirilmoqda.
Oldinroq Rossiyaning Kaliningrad—Zelenogradsk trassasida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 49 yoshli o‘zbekistonlik ayol halok bo‘ldi.
Izoh (0)