Nyu-York AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar ishtirok etadigan “Mustaqillik kubogi” futbol musobaqasiga mezbonlik qiladi. Bu haqda turnir tashkilotchilaridan biri bo‘lgan San’at Sharipov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Musobaqa shu yilning 17-sentabr sanasida start olishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘zbekistonlik muhojirlardan tashkil topgan futbol jamoalari Bruklinda jam bo‘ladi. Ikkinchi marta o‘tkazilayotgan “Mustaqillik kubogi” uchun arizalar 10-avgust sanasiga qadar qabul qilinadi.
“Mustaqillik kubogi”ning birinchisi 2016-yil bo‘lib o‘tgandi. Unda Nyu-York, Pensilvaniya, Nyu-Jersi, Merilend va poytaxt Vashington shaharlaridan jami 8 jamoa ishtirok etgan bo‘lib, g‘oliblik Nyu-Yorkning “Paxtakor” jamoasiga nasib qilgan.
AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar mazkur musobaqada ishtirok etishni istasa, +1 (718) 737-23-19 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.
Bruklinda tashkilotchilar ishtirokchi jamoalar uchun o‘zbekcha palov sayli va dasturxon yozishni ko‘zda tutgan. Shuningdek, futbolchilarning oila-a’zolari uchun ham ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)