Rossiya Afg‘onistonda “Tolibon” radikal harakatini qurol-yarog‘ bilan ta’minlamaydi, jangarilarning qo‘lidagi Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollar esa Sharqiy Yevropa orqali amerikaliklar tomonidan olib kirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiya TIV bayonot berdi, deb xabar qiladi “Interfaks”.
“Bir necha marotaba aytib o‘tganimizdek, ayrim G‘arb hamda ularning gaplarini takrorlayotgan afg‘on axborot kanallarining Rossiya go‘yoki toliblar harakatini qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ayblovlari asossizdir. Bugungi kunda Afg‘oniston rasmiylari ham, AQSh va NATOning Afg‘onistondagi kontingentlari qo‘mondonligi ham bu uydirmalarni tasdiqlaydigan guvohliklarni taqdim etmadi”, — deyiladi Rossiya TIV saytida chop etilgan bayonotda.
“Rossiya bu harakatni qo‘llab-quvvatlamaydi, toliblar bilan aloqalarni esa faqatgina Afg‘onistondagi Rossiya fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ushbu harakatni milliy yarashuv jarayoniga qo‘shilishga chaqirish uchun olib boradi”, — qo‘shimcha qildi TIV vakillari.
Muqaddam AQSh matbuotida toliblar qo‘lidagi Rossiyada ishlab chiqarilgan eski o‘qotar qurollar ko‘rsatilgan videomateriallar keltirilgan edi. TIV bunga izoh berarkan, bu qurollarning kelib chiqishini aniqlashning imkoni yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)