Xalqaro press-klubning 26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida Markaziy bank va Moliya vazirligi vakillari O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari “ikki yillik import uchun yetarli” ekani, taxminan 20—25 milliard dollar atrofidaligini ma’lum qildi.
Oltin-valyuta zaxiralari — davlatning pul-kredit sohasini tartibga solishga mas’ul organi nazoratida bo‘lgan likvidligi yuqori bo‘lgan aktivlardir. Ushbu zaxiralar xorijiy valyutadagi mablag‘lar, mamlakatning Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi rezervlari va monetar oltindan iborat bo‘ladi. Hozirgi vaqtda jahonning 12 hududi — Xitoy, Yaponiya, Shveysariya, Yevropa Ittifoqi, Saudiya Arabistoni, Tayvan, Rossiya, Gonkong, Hindiston, Janubiy Koreya, Braziliya va Singapur xalqaro zaxiralarning 75 foiziga egalik qiladi.
Qayd etish joiz, 2016-yilning noyabr oyida xalqaro Fitch reyting agentligi O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 24 milliard dollarga teng ekanini bildirgan edi. Ayni vaqtda uning tarkibida xorijiy valyuta va monetar oltin ulushi qanday ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Xalqaro press-klub anjumanida qatnashgan Markaziy bank va Moliya vazirligi vakillari ham bunga aniqlik kiritmadi.
Izoh (0)