Faoliyatini Rossiyaning “Rostov” klubida davom ettirishga qaror qilib, 4 yillik shartnomaga imzo chekkan futbolchi Eldor Shomurodov, bu masalada avvalgi klubi “Bunyodkor”ni o‘z vaqtida xabardor qilmagani ma’lum bo‘ldi.
Bugun — 26-iyul kuni “Bunyodkor” yangi futbolchilarni tanishtirish marosimini o‘tkazdi. Unda ishtirok etgan bosh murabbiy Mirjalol Qosimov Shomurodov masalasi borasidagi savolga javob bergani haqida “Offsayd.uz” nashri ma’lum qildi.
“Lokomotiv”ga qarshi o‘yindan keyin futbolchilarga bir kunlik dam bergandik. O‘sha bir kunda Shomurodov “Rostov”ga borib shartnoma imzolab kelgan va bu haqda bizga aytmagan. Bu haqda Chimyondagi yig‘in vaqtida eshitib qoldim. Eldorning agenti esa “Nasaf” bilan o‘yin oldidan shartnomaga imzo chekilgani haqida aytdi.Bizda Shomurodov bilan gapalashib olish niyati bor edi. Shu maqsadda klub bazasida ikki soat qolib ketdik va yakunda fikrimizdan qaytdik. Chunki oldinda bizni prinsipial o‘yin kutib turgandi.
Eldorning fikr-u xayoli ketish bo‘lib qolgandi. Yarim mavsum davomida faqatgina “Nasaf”ga qarshi bellashuvda o‘yini chiqdi. Bu uning uchun “Bunyodkor”dagi so‘nggi o‘yin ekanini ruhan bilib o‘ynagandi.
Mirjalol Qosimov, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
Keyinroq “Bunyodkor” bosh direktori Murod Aliyev ham shunga o‘xshash fikr bildirgan.
Eldor Shomurodov biz bilan maslahatlashmay turib, “Rostov” bilan shartnoma imzolab ulgurgan ekan. Klub biz bilan aloqaga chiqqanida hammasi hal bo‘lib ulgurgandi.Eldor Shomurodov Oliy liganing 1-davrasidagi 15 ta o‘yinda faqatgina 1 ta gol urdi. O‘sha gol oxirgi o‘yinida “Nasaf” darvozasiga kiritildi.Murod Aliyev, “Bunyodkor” bosh direktori
Izoh (0)