Avstraliyada qidiruvga berilgan qotil Malkolm Naden olti yil davomida hayvonot bog‘ida yashirinib, jonivorlarning ovqatini yeb kun kechirgani aniqlandi. Bu voqea The Contractor kitobida hikoya qilingan. Kitob 25-iyul kuni sotuvga chiqariladi, deb xabar beradi Daily Mail.
Ikki qotillik sodir etgan erkak 2005-yil oxirida hayvonot bog‘iga kirib oldi. Uzoq yillar davomida u fillarga mo‘ljallangan bananlarni o‘g‘irlab, shuningdek, restoran orqasidagi chiqindixonadan muddati o‘tgan mahsulotlarni olib, kun kechirib keldi. Erkak karkidonning yonida uxlar edi. U shu tariqa 2012-yilga qadar yashab keldi.
Dabbo shahridagi hayvonot bog‘i xodimi Rojer bog‘ hududida ro‘y berayotgan g‘alati voqealardan shikoyat qila boshladi. Masalan, fil xonasidagi qoplardan kimdir karkidonlar volyerida uyqu joyi tayyorlashda foydalangan edi. Bundan tashqari, Rojerning hayvonot bog‘i hududida joylashgan uyida sut va non yo‘qolib qola boshladi, farrosh ayol Kerol esa uy yotoqxonasida dushdan chiqib kelgan notanish erkakni uchratganini aytib berdi.
Notanish erkak ismi Devid ekanligini, Rojerning sidneylik o‘rtog‘i ekanligini va bir necha kunga kelganini aytdi. Farrosh taftishchilarga erkakni tasvirlab berdi. Politsiyachilar gap 32 yoshli Naden haqida ketayotganini tezda tushundi.
Rojerning uyida qotilning barmoq izlari topilganidan keyin politsiya bog‘ni patrullay boshladi. Ovqat ololmay qolgan Naden Galapagos toshbaqasining boshini uzib olib, uning tana qismini tanovul qildi.
Hayvonot bog‘i qidiruv o‘tkazish maqsadida yopib qo‘yildi, lekin qotil baribir topilmadi. Bog‘ xodimlarining buyumlari yo‘qolishda davom etdi, filning ovqati ham yo‘qolib qolaverdi.
Oxir-oqibat Naden hayvonot bog‘i hududidan qochib ketdi. 2011-yili u politsiyachini yaraladi. 2012-yili u qo‘lga olindi.
Naden umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Izoh (0)