Shavkat Mirziyoyev “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb yozadi UzDaily. Loyiha Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Hujjatga muvofiq, Samarqand shahar hokimligi qoshidagi Maroqand Obod davlat unitar korxonasi loyihani amalga oshiradi. Kreditlar va grantlardan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, loyihaga ajratilgan kreditlarni yopish ham Maroqand Obod’ga yuklatilgan.
Loyihani amalga oshirish muddati — 5 yil, ya’ni 2017-yildan 2021-yilgacha. Loyiha doirasida yangi bioreaktor poligoni yaratiladi, u yerga biogazni tutish va qo‘llash bo‘yicha yangi tizimlar o‘rnatiladi.
2016-yilning 19-dekabr kuni Fransiya taraqqiyot agentligi bilan Samarqand shahridagi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish loyihasi doirasida qiymati 23,5 million dollarlik kredit bitimi imzolangandi. Uning yordamida qattiq maishiy chiqindilarni qayta tiklash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish orqali Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish imkoni yaratiladi.
Izoh (0)