Moskva—Qarshi yo‘nalishidagi 995-sonli aviareys bilan Qarshi xalqaro aeroportiga uchib kelgan Otaniyoz Maxmatqulovning (ism-shariflar shartli) qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli noutbuk xotirasida 10 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Otaniyoz endigina 16 yoshga to‘lgan. Yaqinlari doimiy ravishda Rossiya Federatsiyasida ishlaganliklari bois u Moskva shahridagi maktablarning birida tahsil olib, o‘qish davomida ushbu noutbukdan muntazam ravishda foydalangan. Qizig‘i shundaki, unga tegishli bo‘lgan noutbukdan oila a’zolari ham foydalangan. U bilan birgalikda uchib kelgan otasi Jo‘ra Maxmatqulovdan nima sababdan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygani so‘ralganda, u bu “matoh”ga tushunmasligi, shu sababli e’tibor bermaganini bahona qildi.
624-sonli aviareys bilan Qarshi xalqaro aeroportiga Moskva shahridan uchib kelgan Sherzod Rahimovning o‘zi va qo‘l yuklari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli qo‘l telefoni hamda noutbuk xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan qariyb 600 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi.
O.Maxmatqulov va Sh.Rahimovga nisbatan tegishli sud organlari qarorlari bilan jarima jazolari tayinlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan qo‘l telefoni va noutbuklar davlat egaligiga o‘tkazildi.
Izoh (0)