AQSh Kongressidagi Demokratlar vakillari Facebook kompaniyasiga murojaat etib, Rossiyaning mamlakat prezidentlik sayloviga aralashuvi ijtimoiy tarmoq orqali borgani yoki bormaganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni taqdim etishni so‘radi. Bu haqda, CNN telekanaliga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, Demokratlar Donald Trampning saylovi shtabi Rossiya vakillari bilan bog‘langan hamda ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri axborot chop etish yo‘li bilan o‘z maqsadlariga erishgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Senatning razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasidagi katta demokrat Mark Uorner (Virjiniya shtati) bir oy muqaddam Kaliforniyada ijtimoiy tarmoq vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, Kongress tomonidan o‘tkazilayotgan taftish haqida ma’lumot bergan va foydali bo‘lishi mumkin axborotni so‘ragan.
Demokratlarning fikriga ko‘ra, internetda prezidentlikka sobiq nomzod Hillari Klinton haqida soxta ma’lumotlarning keskin ko‘payib ketishi uning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biridir.
Shuningdek, ular bunday yolg‘on xabarlarni tarqatishga rossiyalik xakerlar aloqador deb hisoblamoqda.
Izoh (0)