17-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi “Raqamli teleuzatishga o‘tish va yer usti muqobil teleuzatishni to‘xtatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 502-sonli qarorni qabul qildi.
Qarorga muvofiq, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga “O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli teleuzatish tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasi doirasida:
respublikaning barcha aholi yashash punktlarini 90 komplekt katta quvvatli va 404 komplekt kichik quvvatli raqamli teleuzatish peredatchiklarini butun respublika hududida ekspluatatsiya qilish hisobiga raqamli teleuzatish bilan qoplashni;
aholining raqamli teleuzatish xizmatlariga keng ulanishi, shu jumladan, respublikaning eng uzoq va borish qiyin aholi yashash punktlarigacha chet el sun’iy yo‘ldosh aloqasi operatori sun’iy yo‘ldosh segmenti ijarasi vositasida umumiy davlat teleradiodasturlari sotsial paketlarining tarqatilishini ta’minlash topshirildi.
“O‘zeltexsanoat” AK korxonalariga 5 yil ichida 3 million dona televizion priyomniklar ishlab chiqarish belgilandi.
Nihoyat, O‘zbekiston tijoriy banklariga “Mahalla” xayriya jamg‘armasini jalb qilgan holda aholiga, ayniqsa aholining ehtiyojmand qismlari va nafaqaxo‘rlarga raqamli televideniye xizmatlaridan foydalanish uchun kerakli uskunalar, jumladan, televizorlar, pristavkalar va boshqalarni xarid qilish uchun imtiyozli iste’mol kreditlarini taqdim etishni kengaytirish tavsiya etildi.
Izoh (0)