Toshkent viloyatining Chirchiq shahar markaziy dehqon bozori hududida hamda shaharning Alisher Navoiy ko‘chasida foto va videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Kuzatuv kameralari Chirchiq shahrida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklarni aniqlash va turli jinoyatlarni fosh etish maqsadida ishga tushirildi.
Alisher Navoiy ko‘chasida o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari avtomobilni belgilangan tezlikdan oshirish, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish, taqiqlovchi yo‘l chiziqlarini bosib o‘tish kabi qoidabuzarliklarni qayd etadi. Shuningdek, moslamalar shubhali shaxslarni aniqlash va avtomobil olib qochish jinoyatlarini fosh etishga imkon beradi.
Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, mazkur ko‘chadagi bitta chorrahaga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari sinov rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, ayni vaqtda yuqorida ko‘rsatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima yozmaydi.
Izoh (0)