Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eronning “Zob Ohan” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
Uchrashuv bugun — 19-iyul kuni o‘tishi rejalashtirilgan. Ayni paytda har ikki tomon Turkiya yig‘inida bo‘lib turibdi.
“Zob Ohan” yakuniga yetgan Eron chempionatini “Persepolis”, “Istiqlol” va “Traktorsozi” klublaridan keyin 4-o‘rinda tugatgandi.
Eronning bu klubi Osiyo Chempionlar ligasining shu yilgi mavsumida Toshkentning “Bunyodkor” klubi bilan bir guruhdan joy olgan bo‘lib, “qaldirg‘ochlar”ning muvaffaqiyatsizligiga hissa qo‘shgan, keyinroq o‘zi ham guruhda qolib ketgandi. O‘zaro o‘yinlarning Toshkentdagisida forslar 2:0 hisobida, Erondagisida esa 2:1 hisobida zafar quchgandi.
Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Eronga qarshi ikki rasmiy o‘yinda maydonga tushib, har ikkisida ham imkoniyatni boy berdi — 0:1 va 0:2. Umumiy 180 daqiqa davomida o‘zbekistonlik futbolchilar raqib darvozasiga birorta aniq zarba bera olmagandi.
Endi u saralab olgan Oliy liganing eng yaxshi futbolchilari “Zob Ohan”ni yengishga urinadi.
Izoh (0)