1916-yili qurilgan sobiq Kaufman yetimxonasi binosi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidan shahar markaziga ko‘chiriladi. Bu haqda O‘zbekiston me’morchilik va qurilish davlat qo‘mitasidagi manbalariga asoslangan holda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Tarixiy obyektning qayta dislokatsiya qilinishi “regeneratsiya” yo‘li bilan amalga oshirilishi kutilmoqda. Bunda bino ehtiyotkorlik bilan yig‘ib olinib, boshqa joyda o‘z shaklida qayta tiklanadi, har bir g‘isht o‘z o‘rniga qaytariladi.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, energetika va avtomatika instituti hududida joylashgan bino avariya holatidadir. Uni ko‘chirish va restavratsiya qilish topshirig‘ini Vazirlar Mahkamasiga Shavkat Mirziyoyev bergan.
Muqaddam ushbu bino buzib tashlanishi mumkinligi haqida matbuotda yozilgan edi.
Izoh (0)