Kecha — 14-iyul kuni futbol bo‘yicha Rossiya Superkubogi uchun uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning amaldagi chempioni “Spartak” Rossiya kubogi sohibi hisoblangan “Lokomotiv”ga qarshi saf tortdi.
“Temiryo‘lchilar”ga qarashli arenada bo‘lib o‘tgan poytaxt derbisining asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha 30 daqiqalikda esa darvozalar uch bor ishg‘ol qilindi. “Spartak” futbolchilari tomonidan kiritilgan ikki golga “Lokomotiv” bir marta javob qaytardi.
Shu tariqa “Spartak” o‘z tarixida ilk bor Rossiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar klub Superkubokda uch bor ko‘rinish bergan bo‘lib, har uchalasida ham “SSKA”ga imkoniyatni boy bergandi: 2004, 2006 va 2007-yillar.
Jarohati sabab shu kuni “temiryo‘lchilar” safida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Vitaliy Denisov harakat qila olmadi. “Lokomotiv” o‘tgan mavsum Rossiya kubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa ham, chempionatni bor-yo‘g‘i 8-o‘rinda yakunlagandi.
Italiyalik mutaxassis Massimo Karrera esa “Spartak” tarixiga kirdi. U uzoq kutilgan chempionlikni qaytarish bilan birga, yangi mavsumni ham katta g‘alaba bilan boshladi.
Rossiya Superkubogi “Lokomotiv” stadioni 14-iyul, juma
Izoh (0)