YuNESKO BMT himoyasi ostidagi Butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatini kengaytirdi. Unga yana sakkizta obyekt kiritildi. Meduza ro‘yxatga kiritilgan eng sirli joylardan biri, faqat erkaklar kirishi mumkin bo‘lgan Yaponiyaning muqaddas Okinosima oroli haqida hikoya qiladi. Orolda nimalar yuz berishi haqida hech kim ma’lumotga ega emas, u yerga tashrif buyurganlarga boshdan kechirganlari haqida hikoya qilish qat’iy taqiqlangan.
Okinosima Fukuoka prefekturasidagi Munakata taqiqlangan hududiga kiradi. Sintoistlar e’tiqodiga ko‘ra, butun orol dengiz sayyohlarining homiysi va quyosh xudosi Amaterasu va shamol xudosi Susanooning uch qizidan biri xudo Tagori-ximening timsoli hisoblanadi. Orol bilan birga uning atrofidagi uchta marjon qoya, shuningdek, qo‘shni Osima orolidagi ibodatxona ham butunjahon merosi obyekti maqomiga ega bo‘ldi.
BMT ekspertlarining fikricha, Okinosima orolga sig‘inishning yorqin timsoli: unda nafaqat ibodatxona, balki IV asrdan boshlab bu yerga keltirilgan ko‘p sonli hadyalar ham saqlanib qolgan. Orolning bor-yo‘g‘i 700 kvadrat metrga teng quruqlik qismida arxeologlar yigirmaga yaqin diniy marosim binolari qoldiqlari, shuningdek, xudo uchun keltirilgan 80 mingga yaqin hadya, jumladan, taqinchoq va qurol-yarog‘ni topgan. Bunday boylikning sababi orolning joylashuvidir. Okinosima Kyusyu oroli g‘arbiy sohilidan 60 kilometr masofada joylashgan. Yapon arxipelagi va Koreya yarimoroli o‘rtasida joylashgan orolda IX asrda qizg‘in savdo yo‘llari o‘tgan. Orolda dengizchilar uchun sig‘inishgan va ularni asragani uchun xudoga in’omlar keltirilgan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Okinosimadagi barcha diniy marosimlar va hadyalar qat’iy cheklov tufayli saqlanib qolgan. U nafaqat eng qadimiy, balki Yaponiyaning eng kam tashrif buyuriladigan ibodatxonasidir. Shu vaqtga qadar orolga faqat erkaklar tashrif buyurishi mumkin. Ular yo mahalliy ruhoniylar yoki erkak ziyoratchilardir. Xudoga hammasi bo‘lib 200 kishi yiliga bir marta sig‘inishi mumkin. Orol tashrif buyuruvchilar uchun 27-may, Rus-yapon urushi davomidagi Susima jangida halok bo‘lgan dengizchilar xotirlanadigan kun ochiladi.
Yuqoridagi taqiq xudoga sig‘inishni istovchilar uchun yagona cheklov emas: erkaklar orolga oyoq qo‘yishdan avval to‘liq yechinib, sohilbo‘yi suvlarida yuvinishi lozim. Bu majburiy marosim bo‘lib, Okinosimaga “nopoklik” olib kirish taqiqlanadi. Bu kunda orolda aynan nimalar yuz berishi noma’lum: ziyoratchilarga bu haqda hikoya qilish, shuningdek, o‘zi bilan biror narsa, hatto o‘t yoki tosh olib ketish ham taqiqlangan.
Okinosima sohillariga ruhoniylar va ziyoratchilardan tashqari yaqinlashishi mumkin bo‘lganlar — bu qo‘shni Osima oroli baliqchilaridir. Ulardan eng tajribalilari “Okinosima do‘stlari” jamiyatiga qabul qilinadi. Ular ob-havo baliq ovlash imkonini bermagan paytlarda ibodatxonani tozalaydi, ochiq kunlarda esa tutilgan baliqlardan eng yirigini xudoga hadya sifatida keltirishadi.
“Bizga yoshligimizdan biror taqiqlangan ishni qilsang yoki orol haqida so‘zlab bersang la’natlanasan deb o‘rgatishgan”, — deydi ular. Okinosimada nima yuz berishi haqida baliqchilarning turmush o‘rtoqlari ham hech narsa bilmaydi. Ayollar ularning erlari orolda baliq ovlayotgan paytda diniy marosimlarda (jumladan, dafn marosimlari) ham ishtirok etishi mumkin emas.
BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, orolning yangi maqomi uning an’analariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi va sayyohlar oqimini jalb qilmaydi: orolga avvalgidek faqat cheklangan miqdordagi erkaklar kirishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)