Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘plab bino inshootlarni buzish bo‘yicha keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Ular orasida sobiq energetika va avtomatik instituti hududidagi binolar ham bor. O‘sha yerda joylashgan obyektlardan biri — Kaufman yetimxonasining binosi bo‘lib, u 1916-yili qurilgan. Ushbu binoning taqdiri nima bo‘lishi haqida “Gazeta.uz” yozib chiqdi.
Kecha, 9-iyul kuni matbuot sahifalarida ushbu bino buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ammo bu xavotirlar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi.
“Gazeta.uz”ga ko‘ra, dam olish kunlari bino atrofida ishlar olib borilgan — xususiy uylar, tugatilgan institutning laboratoriya va omborxonalari buzilgan. Kutubxonadan kitoblar olib chiqilib, yerga taxlangan, ishchilar mebel, asbob-uskunalarni olib chiqqan.
Ishchilarning so‘zlariga qaraganda, buzish ishlari bilan “O‘zbekenergo” va “O‘zbekneftgaz” shug‘ullanmoqda. Dastavval 29 gektar hududdagi barcha binolar, shu jumladan, Kaufman yetimxonasi binosi ham buzilishi rejalashtirilayotgan edi. Ishchilarning yetti nafari bu haqda aytdi, uch nafari esa rahbariyat bu boradagi qarorni kutayotganini bildirdi.
“Buzish shtabida shanba kechasi rahbarlardan hech kim yo‘q edi. Voqea joyiga boshqa jurnalistlar ham keldi. Shtab vakillari obyektlarni suratga tushirishni taqiqladi va jurnalistlardan o‘zlarini tanishtirishni so‘radi. Ular o‘z ismlari va mansablarini aytishdan bosh tortdi”, — deyiladi materialda.
Yakshanba kuni bosh vazir Abdulla Aripovning tashrifi haqida ma’lum bo‘ldi. Shtab vakillarining so‘zlariga qaraganda, hukumat rahbari binoni saqlab qolib, uni restavratsiya qilishni topshirgan.
Izoh (0)