Normand to‘rtligi davlatlari (Germaniya, Fransiya, Ukraina va Rossiya) rahbarlarining telefon orqali muzokaralari iyul oyida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko AQSh davlat kotibi Reks Tillerson bilan 9-iyul kuni Kiyevda bergan qo‘shma bayonotida aytdi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
“Berlin, Parijdagi uchrashuvlar va telefon muzokaralari, Gamburgdagi uchrashuvlardan so‘ng kelishuvga erishildi, unga ko‘ra iyul oyida Normand formatida rahbarlar darajasida telefon muzokaralari o‘tkaziladi”, — dedi u.
“Shuni ham istisno qilmaymizki, uning yakunlariga ko‘ra sammit tashkil etishning uddasidan chiqamiz. Hozircha u aynan qayerda o‘tishi noma’lum, lekin biz qat’iy, tezlashtirilgan, samarador, amaliy suhbatni xohlayapmiz, telefon formatida ham, yozda o‘tadigan sammitda ham”, — qo‘shimcha qildi Poroshenko.