AQShda uysizlar soni 2010-yildan buyon kamayib kelayotganiga qaramasdan, 550 mingga yaqin kishi doimiy turar-joyga ega emas. Katta shaharlarda uysizlar soni ham ko‘proq, shunga qaramasdan, uysizlik barcha o‘lchamdagi shaharlarning umumiy muammosi hisoblanadi, deb yozadi Forum Daily nashri.
2016-yil yakuniga ko‘ra, uysizlarning eng ko‘p miqdori AQShning o‘nta shahrida qayd etilgan.
- Filadelfiya, Pensilvaniya
Shaharda qashshoqlik darajasi 26 foizni tashkil etadi, bundan tashqari, turar-joylarning yuqori qiymati va past maosh uysizlar sonining oshishiga ta’sir ko‘rsatadi.
- Las-Vegas, Nevada
Nevadada shahardagi uysizlarning yarmi ruhiy xastaliklardan aziyat chekadi, ulardan ko‘pchiligi uydagi zo‘ravonlik qurboniga aylangan.
- Boston, Massachusets
Bostonda 6240 uysizdan 3755 nafari farzandlari bor oilalarning a’zolaridir. Bostonda nisbatan kam odam ko‘chalarda tunaydi, chunki Massachusetsda aksariyat uysizlar boshpanaga bo‘lgan qonuniy huquqqa ega.
- San-Xose va Santa-Klara, Kaliforniya
Bu shahardagi uysizlarning ba’zilari to‘liq ish kuni ishlasa-da, mamlakatning eng qimmat shaharlaridan birida turar-joy ijaraga olish imkoniga ega emasligini ma’lum qilgan.
San-Xose va uning atrofidagi uysizlarning katta qismi ko‘chalarda yoki avtomobillarda yashaydi.
- San-Fransisko, Kaliforniya
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, San-Fransiskoda uysizlar soni 7 ming kishidan kamroq, biroq haqiqatda ularning soni bundan ko‘p bo‘lishi mumkin. Mahalliy hokimiyat va notijorat guruhlarning baho berishicha, shaharda uysizlarning real soni o‘n mingdan 12 minggachadir. Shaharda faqat 1300 o‘rinlik boshpana bor, bu esa aksariyat uysizlar ko‘chada tunashga majbur ekanligini anglatadi.
- Kolumbiya okrugi
Vashington, Kolumbiya okrugida uysizlar soni 2009-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan davrda 34 foizga oshdi. Shahardagi har 100 ming aholidan 124 nafari doimiy turar-joyga ega emas.
- San-Diyego, Kaliforniya
Hammabop turar-joyning mavjud emasligi San-Diyegodagi uysizlik inqirozining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi.
- Sietl, Vashington
Ijara haqining oshishi va hammabop turar-joy bo‘yicha davlat dasturlarining qisqarishi Sietldagi uysizlar sonining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
- Los-Anjeles, Kaliforniya
Los-Anjelesdagi uysizlarning 75 foizi ko‘chalarda, avtomobillarida yoki boshqa vaqtinchalik boshpanalarda yashaydi. Shaharda turar-joy qiymatining juda yuqori ekanligi uysizlik inqirozining asosiy sabablaridan biridir.
- Nyu-York
AQShdagi uysizlarning 13 foizi Nyu-Yorkda yashaydi. Shaharda uysizlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, ulardan faqat 4 foizga yaqini ko‘chada yashaydi. Nyu-Yorkda uysizlar yuridik jihatdan boshpana huquqiga ega, biroq boshpanalarda joy yetishmasligi sababli shahar uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirish uchun har yili millionlab dollar sarflaydi.
Izoh (0)