Andijonda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va transport vositalarini boshqarishda yo‘l harakati qoidalariga rioya etishlarini aniqlash maqsadida avtoreydlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu avtoreydlar natijasida 1786 mast haydovchi qo‘lga tushdi, deb xabar qildi Andijon IIB matbuot xizmati.
“Soha xodimlari tomonidan o‘tgan olti oy davomida o‘tkazilgan avtoreydlar natijasida 1786 shaxs transport vositasini mast holatda boshqarganligi, 7639 shaxs transport vositasini belgilangan tezlik me’yorlarini oshirib boshqarganligi, 1250 shaxs svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga rioya qilmasdan harakatlanganligi, 30973 shaxs xavfsizlik kamarini taqmay harakatlanganligi holatlari aniqlanib, qoidabuzar haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Patrul-post xizmati batalyonining piyoda va avtopatrul yo‘nalishlarida xizmat olib borayotgan xodimlari tomonidan fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘tkir kesuvchi buyumlarni aniqlash va ularni zararsizlantirish borasida tadbirlar olib borilayotgani haqida xabar qilgan.
“O‘tkazilgan tadbir davomida tungi vaqtlarda bemaqsad yurgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish maqsadida IIB binolariga olib kelinmoqda va ulardan fuqarolarning sog‘lig‘iga amalda zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 100 dan ortiq o‘tkir kesuvchi buyumlar aniqlanib, ularni zararsizlantirish choralari ko‘rildi”, — deyiladi “Daryo”ga taqdim etilgan xabarnomada.
Izoh (0)