Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Xalqaro press-klubning navbatdagi yig‘ilishi 3-iyulda Yoshlar siyosati masalasida o‘tkazildi. Yig‘ilishida ishtirok etgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Dilmurod Nabiyev oliy ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan dolzarb muammolar yuzasidan berilgan savollarga javob berdi.

Foto: Xalqaro press-klub

Foto: Xalqaro press-klub

Oliy ta’lim tizimida vazirlik va muassasalar rahbariyati tomonidan beriladigan topshiriqlarni bajarish uchun o‘qituvchilar ko‘pincha darsni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Demak, vazirlik yoki rahbariyatning topshirig‘i darsdan ustun ekanda, degan xulosa kelib chiqadi. Aslida, oliy ta’limning samaradorligini o‘tiladigan dars belgilaydi.

Yana bir masala bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha tuziladigan uch tomonlama shartnoma bilan bog‘liq. OTMlar, agar bitiruvchi uch tomonlama shartnomani tuzmasa, u davlat imtihoniga yoki diplom himoyasiga kiritilmaydi, degan “qoida”ni joriy qilgan. Natijada, bitiruvchilar o‘zlarining mutaxassisligiga to‘g‘ri kelmaydigan tashkilotlar bilan shartnoma tuzadi, masalan, filologlar fermer xo‘jaliklari bilan. Bu qanchalik to‘g‘ri? Buning natijasida milliy OTMlar bitiruvchilari va xorijiy OTMlar bitiruvchilari orasida tafovutlar yuzaga kelmoqda.

Ortiqcha qog‘ozbozlik va topshiriqlarni kamaytirish, ishga joylashtirish masalalarida o‘zgarishlar qilish vaqti kelmadimi?

Vazir o‘rinbosari bu savollarga javob berar ekan, ta’lim jarayonida davlat standartlarining buzilayotganini qayd etdi.

Davlat standartiga asosan 80 daqiqa dars o‘tilishi kerak. Shunda talabaga yetarli darajada bilim beriladi, deb hisoblanadi. Lekin amalda darsga dekan kiradi, uning muovini kiradi yoki har xil tekshiruvchilar kelib, darsni buzadi. Ular davomatni tekshiradi, jurnalni, o‘qituvchining ma’ruza matnini tekshiradi. Biz aslida davlat standartini buzyapmiz. Darsning 15—20 daqiqa buzilgan qismini hech kim qaytarib bera olmaydi. Yo‘qotilayotgan vaqt — talabaning haqqi. Talabalar orasida to‘lov-shartnoma asosida, davlat granti asosida o‘qiyotganlari bor. Ular bilim olishi kerak, bu — ularning huquqi.

Bizning eng katta muammolarimizdan biri — qog‘ozbozlik, dars jarayonini bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslar tomonidan nazorat qilinishi.

Bu borada aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz. 100 ballik reyting tizimida oraliq va yakuniy nazoratlarning baholarini qaydnomalarga qo‘yish kabi ko‘p vaqtni oladigan ishlarni bartaraf etish maqsadida besh baholik tizimga o‘tish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz.

Bundan tashqari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar masalasi bor. Unga ko‘ra, o‘qituvchi talabalar bilan darsdan tashqari ishlashi, darsga qatnashmayotgan talabaning uyiga, mahallasiga borishi kerak. Lekin bu ishlarning bajarilganini hech birimiz isbotlay olmaymiz.

Yaqinda qabul qilingan Prezident qaroriga asosan, o‘qituvchilar faqat o‘quv yuklamasini va ilmiy ishlarini bajaradi. Biz ulardan ortiqcha hujjat talab qilmaymiz.

Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari

Dilmurod Nabiyevning ta’kidlashicha, talabalarning ishsiz qolmasligi uchun O‘zbekistonda qabul kvotalari belgilanadi. Shu bilan bir vaqtda, bu masalaning muammoli tomoni ham bor.
Ishga joylashtirish masalasiga kelsak, dunyoning birorta davlatida talabalarni qabul qilish kvotasini belgilash degan tushuncha yo‘q. Oliy ta’limni bitirayotgan talabalarning ishsiz qolmasligini ta’minlash maqsadida Respublikamizda kvotalar belgilanadi. Korxona va tashkilotlarda ishchilarga muhtojlik bo‘lsa, ular bizga buyurtma beradi va biz shunga asosan oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlab beramiz.

Yaratilayotgan ish o‘rinlariga nisbatan qabul kvotasini to‘g‘ri belgilash — asosiy muammomiz. Shuning uchun filolog fermer xo‘jaligida “buxgalterlik qiladi”. Yoki ikki kishi ishlashi mumkin bo‘lgan kichkina dorixonaga sakkiz kishini “ishga joylaymiz”. Bu muammolar ustida ishlayapmiz.

Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?
Dunyo
Twitter ofisida xodimlar uchun karavotlar paydo bo‘ldi, Ilon Mask avvalroq me’yoridan ortiqcha ish bo‘lishi haqida ogohlantirgandi
Mahalliy
Xorazmda ikki kishi is gazidan vafot etdi