O‘zining so‘nggi mavsumini Qatarning “As-Sayliya” klubi safida o‘tkazgan Sanjar Shoahmedov “Championat.asia” nashri bilan suhbatda bo‘ldi va o‘ziga bo‘layotgan qiziqishlar haqida gapirib berdi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, uning “As-Sayliya” bilan shartnomasi yakuniga yetgan. Vaholanki qish mavsumida Shoahmedov ham, Temurxo‘ja Abduxoliqov ham “As-Sayliya” bilan 1,5 yillik shartnoma tuzgani aytilgandi. Kelishuv nima sababdan yarim yildan keyin to‘xtab qolgani ochiqlanmagan.
Shoahmedovni o‘z safida ko‘rishni Toshkentning ikki grand klubi istayotgani haqida xabarlar bor: “Bunyodkor” va “Paxtakor”. Yarim himoyachining O‘zbekistondagi so‘nggi klubi “Lokomotiv” bo‘lgandi. Qatardan qaytib kelgan futbolchi “temiryo‘lchilar” safiga borib qo‘shilmasligi katta ehtimol.
Shuningdek, Qatar, BAA va Eron klublari ham Sanjar Shoahmedovni o‘z tarkibida ko‘rish istagini bildirgan. Biroq aynan qaysi klublar ekaniga oydinlik kiritilmagan. Yaqin orada futbolchi navbatdagi jiddiy qarorini qabul qiladi.
Ma’lumot uchun, Sanjar Shoahmedov Samvel Babayan ustozlik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining a’zosi hisoblanmaydi.
Izoh (0)