G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi mavsum boshida 40 yoshga yaqinlashib qolgan ikki nafar futbolchini safga qo‘shib olgandi. Bular: Tojikistonda tug‘ilgan va ayni damda O‘zbekiston fuqaroligiga ega Akmal Xolmatov hamda ukrainalik Oleksadr Pishur.
“Voha.uz” nashrining xabar berishicha, g‘uzorliklar har ikki futbolchi bilan xayrlashishga qaror qilgan. Avvalroq ularning shartnomasi qanchaga mo‘ljallangan bo‘lgan, shartnoma bekor qilindimi yoki birinchi davra so‘ngida nihoyasiga yetdimi, aniq ma’lumot berilmagan.
“Sho‘rtan” uchun 2017-yilning birinchi davrasi anchagina qiyin keldi. Legioner futbolchi bilan bog‘liq masala sabab FIFA klubdan o‘z qarzlarini to‘lab berishni talab qildi. Keyinroq jamoa bosh direktori Shodi Namozov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldi.
G‘uzorliklar Urosh Miloslavlevichga 46 ming dollar bergani haqida xabar chiqdi. Shunga qaramay, serbiyalik penya o‘rnida yana 13 ming talab qilgani borasida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.
Bungacha “Sho‘rtan” mavsum boshidagi ketma-ket mag‘lubiyatlarga chiday olmay, katta yig‘ilish o‘tkazdi va bosh murabbiy Aleksandr Volkovga qo‘shib, ikki futbolchi — Ruslan Vagapov hamda Jahongir Jiyamurodovni klubdan chetlashtirdi.
Shunday alfozda bo‘lsa-da, “Sho‘rtan” Toshkentning uch grand klubini taslim qilishga erishdi va bu borada yagona jamoa bo‘lib oldi: “Bunyodkor”ni 1:0, “Lokomotiv”ni 2:0 va “Paxtakor”ni 3:0.
Izoh (0)