Misrlik futbolchi Muhammad Saloh faoliyatini Angliyaning “Liverpul” futbol klubida davom ettiradi. “Mersisayd” klubi 25 yoshli hujumkor yarim himoyachi bilan 5 yillik shartnoma tuzilgani haqida ma’lumot berdi.
Mana shu 5 yili davomida Muhammad Saloh “Liverpul”dan yiliga 5,5 million yevro maosh olishi belgilab qo‘yildi. Uning bo‘lajak o‘yinlari hamda “Liverpul”ning ehtimoliy g‘alabalari 40 millionlik transfer yoniga yana 5 million qo‘shilishini ta’minlab, “Roma” hisob raqamini yanada boyitishi mumkin.
“Liverpul” Saloh karyerasidagi ikkinchi APL klubi bo‘ldi. U Londonning “Chelsi” klubida 2014—2015-yilgi mavsumda ham to‘p surgan bo‘lib, 13 ta o‘yinda 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Shundan so‘ng A seriyaga yo‘l olgan futbolchi “Fiorentina”dagi yarim mavsumida 16 ta uchrashuvda ishtirok etdi va 6 ta golga mualliflik qildi. “Roma”da esa 2016—2017-yilgi mavsumlar davomida 65 uchrashuv o‘tkazib, 29 bor raqib darvozabonlarini o‘z postidan gol olib chiqishga majbur etdi.
2011-yildan buyon Misr terma jamoasidan chaqiruv oladigan Muhammad Saloh o‘tgan davr mobaynida vatani jamoasi uchun 40 o‘yin o‘tkazdi va 25 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)