Turkiya tashqi ishlar vazirligi Gretsiyaning Istanbuldagi Ayo Sofiya muzeyida Qur’on o‘qilishi borasidagi e’tiroziga javob berdi. Bu haqda, Hurriyet gazetasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ilgariroq Gretsiya tashqi ishlar vazirligi Ayo Sofiyada Qur’on o‘qilishi va ibodat qilinishini qoralab chiqqan edi.
“Biz Turkiya din ishlari idorasi boshlig‘i ishtirokida Ayo Sofiyada Qur’on o‘qilishi va ibodat qilinishini qoralaymiz. Bu Turkiya davlat televideniyesi orqali translyatsiya qilindi”, — deb bayonot bergan edi Gretsiya tomoni.
“Gretsiya TIV Turkiya xalqini muqaddas Ramazon oyida va Laylat ul-qadr kechasida tabriklash o‘rniga Ayo Sofiyada Qur’on o‘qilishi va ibodat qilinishini ters talqin qilishni ma’qul ko‘rdi”, — deyiladi Turkiya TIV bayonotida.
Turkiya, shuningdek, Gretsiya rasmiylari Ramazon oyida mamlakat musulmonlariga Salonikidagi tarixiy masjidlarda namoz o‘qishga ruxsat bermaganini eslatib o‘tdi.
“Shu tariqa, poytaxtida ibodat uchun ochiq birorta masjid bo‘lmagan Gretsiya o‘z bayonotida ‘dinlararo muloqot’ deganda nimani nazarda tutgani noma’lumligicha qolmoqda”, — xulosa qildi Turkiya vakillari.
Ayo Sofiya Vizantiya imperiyasi davrida qurilgan bo‘lib, dastlab xristian sobori vazifasini bajargan. 1453-yili Istanbul Usmonlilar qo‘liga o‘tgach, u masjidga aylantirilgan, 1935-yildan esa muzey hisoblanadi. 1985-yili Ayo Sofiya YuNЕSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh (0)