Bugun — 23-iyun kuni “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida rasman tanishtiriladigan Shota Arveladze haqida “Championat.asia” nashri maqola chop etdi. Unda gruziyalik mutaxassisning murabbiylikdagi karyerasi ochib berilgan.
Maqolada qayd etilishicha, Shota Arveladze murabbiylik sir-asrorlarini Lui Van Gal, Dik Advokat, Ronald Kuman kabi mutaxassislardan o‘rgangan va ularga “AZ-Alkmaar” safida ko‘mak bergan. U, shuningdek, aka-uka Frank va Ronald de Burlar bilan qalin do‘stdir.
2010-yildan buyon o‘zini murabbiylik sohasida sinab ko‘rayotgan Arveladze o‘zining ilk katta g‘alabalariga “Paxtakor”da ega chiqishi mumkin. Unga Rossiya va Ukrainaning bir qator klublari ham qiziqib ko‘rgan bo‘lsa-da, gruziyalik taniqli sobiq futbolchi o‘z oldiga yuqori maqsad qo‘yayotgan Toshkent klubini afzal bildi.
Shota Arveladze murabbiy sifatida asta-sekin shakllanib bormoqda. Turkiyadagi faoliyati yaxshi kechgan. Umumiy olib qaralsa, Arveladze Yevropa markalari bo‘yicha o‘rta darajadagi murabbiy. Muhimi, u yaxshigina maktab ko‘rgan mutaxassis. Shota murabbiy sifatida Gollandiya futbol maktablari havosini olgan, deyiladi maqolada.
Murabbiy ishlagan jamoalar tajovuzkor va hujumkor futbolni afzal biladi. Uning shogirdlari asosan 4-3-3 yoki 4-2-3-1 taktik sxemasida to‘p suradi. Arveladzega bo‘lgan talab kuchli. Shu boisdan u narxi arzon bo‘lmagan mutaxassis hisoblanadi. Uning o‘rtacha yillik maoshi 1,5—2 million yevroga teng, deb ma’lumot berilgan.
Gruziya terma jamoasi 11-raqamni ramziy ma’noda Arveladzening o‘zida qoldirgan. Hozirga qadar bosh jamoada bu raqamda hech kim to‘p surmaydi.
Bu qiziq
Turkiyaning “Qosimposho” klubida ishlagan Shota Arveladzening iste’fosi ko‘pchilikni hayron qoldirgandi.Turkiya chempionati doirasidagi “Qosimposho” va “Konyaspor” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda Rayan Babelning maydonda jarohat olib yotganini ko‘rgan raqib futbolchilari harakatni to‘xtatadi. Bu vaqtda esa “Qosimposho” gol uradi. Shundan keyin Shota Arveladze jamoasiga gol o‘tkazib yuborishni buyuradi. “Qosimposho” futbolchilari buyruqqa asosan Hasan Kabzega gol urish imkoniyatini taqdim etadi. O‘yin Shota Arveladze jamoasining 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugaydi.
Kamtar Arveladze uchrashuvdan keyin shunday degandi: “Mening o‘rnimda istalgan murabbiy bo‘lganida ham shu ishni qilishni buyurardi”. Uchrashuvdan keyin Shota Arveladze iste’foga chiqarildi.
Gruziyada ushbu ishi uchun Shota Arveladze “Yil jentlmeni” sovrini bilan mukofotlanadi.
Izoh (0)