Germaniya Bundesligasida sensatsion tarzda kumush medallarga ega chiqqan “Leyptsig” va Avstriya chempionatida g‘olib bo‘lgan “Red Bull Zalsburg” klublarining Chempionlar ligasidagi ishtiroki katta so‘roq ostida turgandi. UEFA mazkur masalaga oydinlik kirituvchi bayonotini berdi.
Har ikki klub Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, xo‘jayini bitta hisoblanadi. Tashkilot reglamentiga ko‘ra, bunday holatda bitta inson yoki tashkilot manfaatlarini ko‘zlaydigan ikki klub bitta musobaqada ishtirok etmasligi kerak. Bu sog‘lom raqobatga putur yetkazishi, tomonlar o‘zaro to‘qnash kelib qolganida bir-birining manfaati uchun xizmat qilib qo‘yishi mumkin deb qaraladi.
Shunga qaramay, UEFA Ditrix Mateshitsga qarashli bo‘lgan har ikki klubni Yevropa Chempionlar ligasida ko‘rishga qarshi emas. Tashkilot matbuot xizmatining qayd etishicha, UEFA ularning ishtirokiga rasman ruxsat beradi.
“Ilk mavsumidayoq Bundesligada shov-shuv ko‘targan “Leyptsig”ning Chempionlar ligasidan chetda qolishi adolatsizlik bo‘lardi. Shuningdek, Avstriya gegemoniga aylanib borayotgan “Zalsburg” ham Chempionlar ligasi uchun haqli”, — deya bayonot bergan UEFA.
Izoh (0)