Vazirlar Mahkamasining 2-iyundagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Xalqaro jinoyat politsiyasi (Interpol) bilan hamkorlik sohasidagi vazifalarga quyidagilar kiritildi:
- respublika huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining Interpol axborot manbalaridan foydalanish masalalari bo‘yicha koordinatsiyasi;
- huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini axborot-tahliliy ta’minlash;
- jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- xalqaro terrorchilik, odam savdosi, noqonuniy muhojirlik, axborot texnologiyalari va xalqaro, shuningdek, shaxsni aniqlash xususiyatiga ega boshqa turdagi jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va fosh etish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Interpolga a’zo mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorligini ta’minlash;
- shaxslarni, transport vositalarini, san’at asarlarini va boshqa buyumlarni xalqaro qidiruvga berish, shaxsi noma’lum murdalar shaxsini aniqlash, shuningdek, O‘zbekistonda ushbu tadbirlarni Interpolga a’zo mamlakatlar so‘rovi bilan tashkil qilish masalalari bo‘yicha Interpol bosh kotibiyati oldida vositachilik qilish.
Bundan tashqari, nizom Interpol Milliy markaziy byurosi faoliyatini moliyalashtirish haqidagi bob bilan to‘ldirildi. Uni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash davlat budjeti va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Izoh (0)