Tashqi ishlar vazirining fuqarolar bilan 2017-yil 5-iyul kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishi to‘g‘risida TIV internet-resurslarida 2017-yil 8-iyunda e’lon qilingan xabardan so‘ng vazirlikka virtual qabulxona, muloqot@tiv.uz elektron manzili, TIVning Facebook’dagi sahifasi, Telegram’dagi kanali orqali xatlar kela boshladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning asosiy qismi quyidagi masalalarga tegishli:
- hujjatsiz va moliyaviy ta’minotsiz qolgan xorijdagi fuqarolarning vatanga qaytishi;
- ota-onalari xorijda yashirinib yurgan bolalarni boqish uchun aliment undirish;
- O‘zbekiston hududidan chiqib ketgan ota-onalarni izlash;
- boshqa davlatlarda sudlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish;
- vatandan yiroqda vafot etgan fuqarolar jasadini qaytarish;
- xorijga chiqishda yordam berish;
- O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish;
- TIV tizimiga ishga joylashish.
Mamlakatning tashqi siyosiy faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham anchagina. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari, jumladan, tashqi chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasining borishiga oid mavzular ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.
Barcha murojaatlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, vazirga ma’lum qilinmoqda va uning shaxsiy nazoratiga olinmoqda. O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgach, fuqarolarga rasmiy javoblar va tegishli izohlar beriladi.
TIV 8-iyundagi xabarni batafsil bayon qilib, vazirning vatandoshlar bilan bo‘lajak muloqoti auditotoriyasini sezilarli kengaytirishga ko‘maklashgan barcha mahalliy va xorijiy OAV vakillariga minnatdorlik izhor etdi va ular bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdi.
Izoh (0)