Toshkent shahrida joylashgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi binosida ShHTning yangi a’zo davlatlari — Hindiston va Pokiston bayroqlari ko‘tarilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, ShHT MATT rasmiy vakillari, xorijiy davlatlar elchilari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anvar Nosirov 15-iyun kuni nishonlanadigan “ShHT kuni” tantanalarida MATT Ijroiya qo‘mitasi hududida yangi a’zo davlatlar bayroqlarini ko‘tarish marosimi o‘tkazilayotganini qayd etdi. Barchani mazkur voqea bilan tabrikladi.
Bundan 16 yil avval aynan shu kuni Shanxayda olti davlat – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pekin shahridagi ShHT Kotibiyatida ham shunday tadbir bo‘lib o‘tgandi.
Izoh (0)