Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiy Uli Shtilikeni iste’foga chiqardi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar berdi.
JCh—2018 saralashining 8-turini Dohada o‘tkazgan Janubiy Koreya termasi mezbon Qatardan 2:3 hisobida yengilgandi. Futbolchilar Seulga chorshanba oqshomida yetib kelgan. Payshanba kuni tongda esa Shtilikening Janubiy Koreyadagi faoliyati yakuniga yetgani e’lon qilingan.
2014-yilning sentabr oyida jamoani qabul qilib olgan germaniyalik mutaxassis Janubiy Koreya termasini eng uzoq vaqt boshqargan murabbiy bo‘ldi. Uning boshqaruvida koreyaliklar 27 ta uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi. 5 ta uchrashuvda durang qayd etildi va 7 tasida raqiblar ustunlik qildi. To‘plar nisbati 66:28. Tavern nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu natija 1979-yildan buyon eng yaxshisidir.
Janubiy Koreya terma jamoasi JCh—2018 saralashi yakuniga ikki tur qolganida ham O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun kurashni davom ettirmoqda. Jamoa 31-avgust kuni o‘z maydonida Rossiya mundiali chiptasini qo‘lga kiritib bo‘lgan Eronni qabul qiladi, 5-sentabr kuni esa Toshkentda O‘zbekiston termasiga qarshi saf tortadi.
Yonhap’ning qayd etishicha, Janubiy Koreya safarda o‘tgan to‘rt bellashuvning birortasida zafar qucha olmagani, Shtilikening ishdan ketishiga asosiy turtki bo‘lgan. Suriya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan koreyalik futbolchilar, Eron, Xitoy va Qatardagi o‘yinlarda raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shtilike boshqaruvida koreyaliklar 2015-yil Osiyo kubogining finaliga qadar yetib borgan va o‘sha yili o‘tkazilgan Sharqiy Osiyo kubogida g‘olib chiqqandi. 2015-yilgi mavsumda Janubiy Koreya 16 ta o‘yinda zafar quchdi va 3 ta durang o‘ynadi. Mana shu 19 ta uchrashuv davomida raqiblar Koreya darvozasiga faqatgina uch marta yo‘l topdi. Bu natijadan so‘ng koreyalik muxlislar uni Xudo darajasiga olib chiqib, God-tielike deb atashni ham boshlagandi.
Ma’lumot uchun, bir kun avval Janubiy Koreyani taslim qilgan Qatar bosh murabbiyi Xorxe Fosatti ham iste’foga chiqqandi. Shuningdek, dastlabki uch turdagi qoniqarsiz natijalaridan keyin Xitoy bosh murabbiyi Gao Hangbo ham iste’fo berishga majbur bo‘lgandi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan to‘rt uchrashuvda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, faoliyatini davom ettirmoqda. Uning qatorida 8 ta o‘yinning 6 tasida zafar quchgan va yutqazmagan, shuningdek, darvozasidan gol o‘tkazmagan Eron termasi ustozi ham o‘z o‘rnida qolgan.
Izoh (0)