13-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni imzoladi. Ularga ko‘ra, odamni o‘z joniga qasd qilishgacha olib kelish uchun jazo qattiqlashtirildi, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga undaganlik uchun sanksiyalar joriy etildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
O‘zgartishlarga muvofiq, o‘z joniga qasd qilishga olib kelish yoki tahdid, qattiqqo‘l munosabat, shaxs nafsoniyatiga tegish, uning g‘ururini toptash va muntazam haqorat qilish yo‘li bilan bunga qasd qilish 3–7 yilga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Aybdor oldida moddiy yoki boshqa majburiyatga ega shaxsga nisbatan; voyaga yetmagan shaxs yoki homiladorlik ahvolidagi ayolga nisbatan; bir guruh shaxslar bilan qasddan til biriktirib; telekommunikatsiyalar tarmoqlari, shuningdek, internet tarmog‘i vositasida xuddi shu xatti-harakatlarning sodir etilishi 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘z joniga qasd qilishga ko‘ndirish, aldov yoki boshqa yo‘l bilan undash, agar shaxs o‘z joniga qasd qilsa yoki bunga harakat qilsa, 2–5 yilga ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxs yoki homilador ayolga nisbatan; bir guruh shaxslar bilan qasddan til biriktirib; telekommunikatsiyalar tarmoqlari, shuningdek, internet tarmog‘i vositasida xuddi shu xatti-harakatlarning sodir etilishi 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)