O‘zbekiston va Afg‘oniston 2017-yil oxiriga qadar o‘zaro savdo-sotiq hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston va Afg‘oniston prezidentlarining ShHT Ostona sammitidagi uchrashuvi yakunlariga ko‘ra bayonot berdi, deb xabar qiladi UzDaily.
“Bugungi kunda o‘zaro savdo-sotiq hajmini shu yil yakunlariga ko‘ra kamida 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud”, — ta’kidladi G‘aniyev.
Vazirning ta’kidlashicha, ikki davlat prezidentlari O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzoq istiqbolli yetkazmalar hajmini kengaytirib, yiliga 300 ming tonna mineral o‘g‘itlar, 2 ming qishloq xo‘jaligi texnikasi birligi, 250 ming tonna bug‘doy va boshqa mahsulotlar yetkazilishini ta’minlashga kelishib oldi.
Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani Mozori Sharif – Shibirg‘on – Maymana – Hirot temir yo‘lining loyihalashtirilishi va qurilishini imkon qadar tezroq boshlash zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Aytilishicha, ushbu yo‘l Afg‘oniston shimoli-g‘arbida transport-iqtisodiy koridorini yaratish imkonini beradi.
Elyor G‘aniyev, shuningdek, ikki davlat savdo va tranzit sohasidagi hamkorlik masalasida kelishuv tayyorlayotganini bildirdi. Uning fikricha, bu hujjat mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasini oshirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)