O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqidagi qarorni imzoladi. Hujjat matni davlat rahbarining rasmiy saytida joylashtirildi.
Qarorda mamlakatda olib borilgan islohotlar natijasida 25 yildan ortiq vaqt davomida o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73,1 yoshga yetgani, umumiy o‘lim darajasi 1 000 kishiga nisbatan 6,1 dan 4,8 kishiga qisqargani, onalar va bolalar o‘limi koeffitsenti sezilarli daraja kamaygani ko‘rsatib o‘tilgan.
Biroq eng yuqori darajadan boshlang‘ich bo‘g‘ingacha aniq boshqaruv tizimining yo‘qligi aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sifati pastligi, moliyaviy va moddiy resurslarning maqsadsiz sarflanishi, xalqaro va ilg‘or mahalliy tajribani joriy etish, tibbiyot xodimlari kasbiy mahoratini oshirishga rag‘batning ta’minlanmasligiga olib kelmoqda.
Shu bois qarorda sog‘liqni saqlashning milliy tizimi tubdan o‘zgartirilishi va omma salomatligi haqida qayg‘urish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, tibbiy madaniyat va savodxonlikni oshirish, kasalliklarning oldini olish va profilaktikasi, shuningdek, sohaga tashxis va davolashning xalqaro standartlarini joriy etishga yo‘naltirilishi lozimligi qayd etilgan.
Hujjatda yuqoridagilardan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlari asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash bo‘g‘inining tashkiliy tizimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari apparati, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari namunaviy tizimlari tasdiqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda 2 oy muddatda:
Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi Nizom;
Davlat sog‘liqni saqlash tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.
Izoh (0)