Bunga qadar 9 ta jangda ringga chiqib, ularning barchasida raqiblarini taslim qilgan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev, hisob bo‘yicha o‘ninchi jangini ham muddatidan oldin yakunlashga muvaffaq bo‘ldi.
“Prospekt” boks kechasining markaziy jangida u tojikistonlik Sunatillo Rahmatullayevga qarshi ringga chiqdi va 1-raundning o‘zidayoq raqibini nokaut qilishga erishdi. Vazn o‘lchash marosimida Shohjahonning 66,8 kilogramm tosh bosishi aniq bo‘lgan, tojikistonlik bokschining vazni esa 65,7 kilogrammni tashkil qilgandi.
Jangga qadar o‘zbekistonlik bokschi chap qo‘lini jarohatlab olgani aytilgandi. Shunga qaramay, u bir qo‘lda bo‘lsa ham jang qilishga qaror qilgandi.
Uning o‘ninchi jangi chempionlik kamari yo‘lida amerikalik bokschiga qarshi kechishi kerak edi. Biroq 10-iyunga bir necha kun qolganida raqib ham, jang maqomi ham o‘zgardi. Shohjahon Ergashev kecha reyting jangini o‘tkazdi.
Izoh (0)