Ikki abituriyentni Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritish uchun jami 47 ming dollar so‘ragan ikki firibgar ayol qo‘lga tushdi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar ikki ayolning ishonchiga kirib, hukumatda tanishi borligi va u ma’lum bir haq evaziga o‘qishga kirishda yordam bera olishini ma’lum qilgan.
Ular Toshkent tibbiyot akademiyasining Stomatologiya fakultetiga 32 ming dollar evaziga, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga esa 15 ming dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni taklif qilgan.
“Firibgarlar Mannon Uyg‘ur ko‘chasidagi ‘Milliy taomlar’ kafesida va’da qilingan 47 ming AQSh dollaridan 32 mingini olganliklari haqida tilxat yozib berayotgan vaqtida Departament va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi”, — deyiladi UzNews xabarida.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh Prokuratura tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda, gumonlanuvchilarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qayd etishlaricha, qamoqqa olinganlardan biri muqaddam sudlangan.
Izoh (0)