O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Taomilga binoan Qur’on tilovat qilindi, deb xabar berdi O‘zA.
Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi. Qurilish loyihasiga ko‘ra, Hazrati Xizr maqbarasi atrofida milliy me’morlik an’analari asosida qo‘shimcha ayvonlar, choyxona qurilmoqda, boshqa qulayliklar yaratilmoqda. Prezidentga mazkur qurilish obyektlarining loyihalari haqida so‘zlab berildi.
Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘un bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Ayvonlar maqbara bilan hamohang bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi.
Maqbarani yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Majmua atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, zamonaviy tungi yoritish tizimi bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Izoh (0)