O‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev bugun — 10-iyun kuni professional boksdagi o‘ninchi jangida ringga chiqadi.
Uning raqibi tojikistonlik Sunatillo Rahmatullayev bo‘ladi. Kecha bo‘lib o‘tgan vazn o‘lchash marosimida Shohjahonning 66,8 kilogramm tosh bosishi aniq bo‘ldi. Tojikistonlik bokschining vazni esa 65,7 kilogramm. Ular bugun olti raund jang qilishi belgilab qo‘yilgan.
“Prospekt” deb nom olgan boks kechasida o‘zbekistonlik sportchining jangi asosiy jang maqomida bo‘ladi. Ungacha yana beshta jang o‘tishi rejalashtirilgan. To‘qnashuvlar Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.
Kecha — 9-iyun kuni Shohjahon Ergashev o‘zining Facebook sahifasiga quyidagicha post yozib qoldirdi:
Assalomu alaykum! Jangimga oz vaqt qoldi. Qo‘llab-quvvatlab turganingiz uchun katta rahmat! Sizlarni bu jangimga ham taklif qilaman. Duo qilib turing, vatandoshlar!Avvalroq o‘zbekistonlik bokschi chempionlik kamari uchun amerikalik sportchiga qarshi ringga chiqishi aytilgan bo‘lib, jangga bir hafta qolganida Ergashev qo‘lini jarohatlab olgandi. Shunga qaramay, u bitta qo‘lda jang qilishga qaror qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning raqibi o‘zgardi. Bugungi jang chempionlik kamari uchun emas, balki reyting jangi sifatida tarixga kiradi.Shohjahon Ergashev, bokschi
Shohjahon Ergashev bunga qadar professional ringda 9 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning hammasida raqiblarini muddatidan avval taslim qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
Izoh (0)