Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi mamlakat bosh jamoasi futbolchilarining Avstraliyaga qarshi o‘yin oldidan bir daqiqalik sukut saqlashdan bosh tortgani uchun rasman uzr so‘radi. Bu haqda “Sports.ru” sayti xabar berdi.
Avstraliya va Saudiya termalarining JCh—2018 saralashidan joy olgan o‘yini Londondagi terakt uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo saudiyalik futbolchilar maydon markazi chizig‘i ustida saf tortishni istamadi va chigalyozdi mashg‘ulotlari bilan band bo‘ldi.
“2017-yilning 3-iyun kuni sodir bo‘lgan Londondagi terakt qurbonlari xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqlashni istamagan ayrim futbolchilar Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasini chuqur afsusda qoldirdi. Tashkilot buning uchun rasman uzr so‘raydi. Bunda futbolchilar kimgadir nisbatan hurmatsizlik qilish, halok bo‘lganlar xotirasini yerga urish yoki ularning yaqinlari, do‘stlari va mudhish voqeadan aziyat chekkan qolgan insonlar izzatini joyiga qo‘ymaslik fikrida bo‘lmagan. Saudiya Arabistoni terrorizm va ekstremizmni qoralaydi, unda yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga va Birlashgan Qirollik xalqiga o‘zining chuquq hamdardligini izhor qiladi”, deb yozilgan tashkilot rasmiy saytida.
Ma’lumot uchun, Avstraliya va Saudiya termalari ishtirokidagi uchrashuvni o‘zbekiston referi Ravshan Ermatov boshqarib borgandi. Unda yashil qit’a terma jamoasi 3:2 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Izoh (0)