Marat Bikmayev 12-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Eronga qarshi bellashuvni o‘tkazib yuboradi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
“Lokomotiv” klubi a’zosi kecha — 6-iyun kuni Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida jarohat olib, 52-daqiqada maydonni tark etgandi. Shifokorlar keyinroq Bikmayevning Tehronga bora olmasligiga oydinlik kiritdi.
Avvalroq himoyachilar Vitaliy Denisov va Islom To‘xtaxo‘jayev ham jarohat olib safdan chiqqandi. Shuningdek, O‘zbekiston kubogining “Nasaf”ga qarshi o‘tgan birinchi o‘yinida jarohatlangan Davron Hoshimov ham Tehron safarini o‘tkazib yuboradi.
Marat Bikmayev saralashning hal qiluvchi bosqichida 2 ta gol urgan bo‘lib, bu borada eng yaxshi natijani qayd etib turgandi. U Seulda Janubiy Koreya va Toshkentda Xitoy termalari darvozasini ishg‘ol qilishga erishdi. Joriy mavsumni “Lokomotiv” to‘purari sifatida boshladi.
Eron va O‘zbekiston terma jamoalarining JCh—2018 saralashidan joy olgan takroriy o‘yini 12-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 21:45 da start oladi. Tomonlarning poytaxt Toshkentda kechgan birinchi o‘yinida forslar 1:0 hisobida muvaffaqiyat qozongandi. Takroriy o‘yindagi g‘alaba Karlush Keyrush boshqaruvidagi Eron termasiga Rossiya mundiali chiptasini taqdim etadi.
Izoh (0)