Rossiya Havo-kosmik kuchlari 29-maydan 30-mayga o‘tar kechasi Suriyada IShID terrorchilik tashkilotining Raqqadan Palmiraga yo‘l olgan uchta avtokolonnasini yo‘q qildi. Oqibatda 80 nafar terrorchi yo‘q qilingan. Bu haqda 1-iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“29-maydan 30-mayga o‘tar kechasi IShIDchilar Palmiradan chiqishga yana urinib ko‘rdi. Jangarilarning uchta avtokolonnasi qorong‘ulikda Raqqadan chiqib, bir nechta yo‘nalishda janubga qarab harakatlandi. Terrorchilarning mazkur harakatlari razvedkamiz tomonidan o‘z vaqtida aniqlandi”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Rossiya Havo-kosmik kuchlari aviatsiyasi aniqlangan nishonlarga zarba berdi. “IShID yo‘qotishlari 80 dan ortiq terrorchi, 36 ta avtomobil, sakkizta yoqilg‘i bilan ta’minlovchi mashina hamda minomyot va yirik kalibrli o‘q otish quroli o‘rnatilgan 17 ta pikapdan iborat bo‘ldi”, — deya aniqlik kiritadi Mudoaa vazirligi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)