Xirosimadagi atom bombardimoni haqida birinchi xabar bergan ayol vafot etdi
Xirosimadagi atom bombardimoni haqida harbiylarga birinchi bo‘lib ma’lumot yetkazgan yaponiyalik ayol Yosie Oka 86 yoshida limfoma tufayli olamdan o‘tdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ayol 19-may kuni vafot etganiga qaramay, bu haqda matbuot endi yozib chiqdi.
1945-yili 14 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan Yosie Oka mahalliy harbiy qo‘mondonlik markazida aloqachi bo‘lib ishlagan. Aynan u Yaponiya imperatorlik armiyasi harbiylari bilan birinchi bo‘lib bog‘lanib, “Xirosima yangi tipdagi bomba bilan yo‘q qilingan”ini ularga ma’lum qilgan.
Yosie Oka turli tadbirlarda tez-tez ishtirok etib, boshidan kechirgan fojia haqida hikoya qilar va yadroviy qurolsizlantirish yo‘lida targ‘ibot olib borar edi.