So‘nggi uch kun ichida GM Uzbekistan bilan bog‘liq ikkita e’tiborga molik xabar paydo bo‘ldi. Birinchisi — kompaniyaning so‘nggi bir necha yillik va qariyb o‘zgarmay kelayotgan faoliyatiga keskin ta’sir qiluvchi xabar. Ikkinchisi esa birinchi xabarning kutilgan hosilasi. Lekin uchinchi — hamma kutayotgan xabar hozircha rasman e’lon qilinganicha yo‘q.

Foto: “Review.uz”

Foto: “Review.uz”

GM Uzbekistan 1-iyundan o‘zi ishlab chiqargan barcha avtomobillarni O‘zbekistonda faqat so‘mda sotadi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 26-may kuni imzolangan qarorda belgilab qo‘yilgan. Xabar berishlaricha, shu vaqtgacha ba’zi modifikatsiyalari so‘mda, ba’zilari esa xalqaro plastik kartasi orqali amalga oshiriladigan to‘lov (AQSh dollari) evaziga sotilgan avtomobillarning barchasini faqat va faqat so‘mda sotish taklifi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zavtosanoat” kompaniyasidan chiqqan. Mazkur yangilik 2017-yil 1-iyungacha imzolangan shartnomalarga amal qilmaydi.

Kompaniya yangi shartnomalar tuzish va avtomobillarni berishni 31-mayga qadar to‘xtatdi. GM Uzbekistan’ning 29-may kuni e’lon qilingan axborotida mazkur qaror “avtomobillar qoldiqlarini inventarizatsiya qilinishi munosabati bilan” qabul qilingani aytilgan. “Inventarizatsiya yakunlangandan so‘ng, to‘langan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan narxlarda yetkazib berish amalga oshiriladi”, — deyiladi kompaniya axborotida. Kompaniya “to‘langan shartnomalar” tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketgan: “Xaridor tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan avtomobil narxining belgilangan minimal qiymati (85 foiz) yoki to‘liq qiymati to‘langan holatda avtomobil narxi to‘langan hisoblanadi”.

GM Uzbekistan’ning atigi uchta gapdan iborat mazkur xabari narx oshishi haqidagi mish-mishlar fonida kamida 85 foizlik to‘lovni oldindan amalga oshirgan xaridorlarni xotirjam qilishi aniq: Chevrolet’larning narxi so‘nggi marta 2015-yil dekabrida qariyb 30 foizga oshgan bo‘lib, o‘shanda kompaniya bilan amaldagi shartnomasi bo‘lgan, belgilangan to‘lovning 85 foizini oldindan amalga oshirgan xaridorlar yangi narxlarda qo‘shimcha to‘lov qilishga majbur bo‘lgan va bu hol ko‘pchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘lgandi.

GM Uzbekistan narxlar oshishi haqidagi mish-mishlarni na rad etmoqda, na tasdiqlamoqda. Kompaniya matbuot xizmati narxlarning oshishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘qligini ma’lum qildi. “Daryo”ning GM Uzbekistan bo‘limlaridan biridagi manbasiga ko‘ra, “katta ehtimol bilan, narxlar oshishi mumkin”. Uning ta’kidlashicha, 2015-yilgi narx oshishi arafasida ham avtosalonlar inventarizatsiya uchun yopilgan edi. Bundan tashqari, barcha modellar va modifikatsiyalarning narxi bir xilda o‘smasa-da, ba’zi, aniqroq aytganda, shu vaqtgacha xalqaro plastik kartadagi xorijiy valyuta evaziga sotilgan modifikatsiyalarning qiymati yuqoriga qarab o‘zgarishi ehtimoli haqiqatga yaqin.

Taqqoslash uchun, shu vaqtgacha qiymati so‘mda ko‘rsatilib, rasman xalqaro plastik kartadagi AQSh dollariga sotilgan eng arzon yangi Malibu’ning narxi qariyb 50 million so‘m bo‘lgani holda, Malibu’ning faqat so‘mga sotiladigan yagona modifikatsiyasi narxi salkam 125 million so‘m edi. Umuman olganda, GM Uzbekistan’ning so‘mda va dollarda sotiladigan modifikatsiyalarining so‘mdagi hozirgi narxlari bir-biridan qariyb ikki barobar farq qiladi. Avtosanoatdagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, 2015-yil 14-dekabrida bo‘lgani singari, inventarizatsiya uchun yopilgan avtosalonlar “1-iyun kuni yangi narxlar bilan ochilishi ehtimoli ancha katta”.